Kontent qismiga oʻtish

Opioid epidemiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Opioid epidemiyasi (opioid inqirozi) – opioid analgetiklarini nazoratsiz qoʻllash tufayli oʻlim soni ortib borishiga sabab boʻluvchi epidemiya. 1990-yillarning oʻrtalarida opioid preparatlari Qo'shma Shtatlarda oʻtkir va surunkali ogʻriqlarni davolash uchun keng qoʻllanila boshlangan. Bunga asosan „xavfsiz“ ogʻriq qoldiruvchi dori-darmonlarni targʻib qiluvchi reklama kompaniyalarining oʻtkazgan farmatsevtika kampaniyalari yordam bergan[1].

2017-yilda Qoʻshma Shtatlarda opioid preparatlarining haddan tashqari yuqori dozasi, geroin va fentanil bilan zaharlanish sifatida muhim muammo deb tan olingan. 2023-yilda ksilazin ham odamlar sogʻligʻiga xavf soluvchi tahdid sifatida aniqlangan. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish agentligi maʼlumotlariga koʻra, Qoʻshma Shtatlarda har kuni 100 dan ortiq odam opioidlarning yuqori dozasi tufayli vafot etgan[2]. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, kelgusi oʻn yil ichida Qoʻshma Shtatlarda 500 mingga yaqin odam opioidlarning yuqori dozasi tufayli oʻlishi mumkin.

Oksikodon ogʻriq qoldiruvchi vosita sifatida foydalanish tavsiya etilgan yillarda AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasini (FDA) boshqargan Devid Kessler opioid inqirozini „kutilmagan epidemiya“ va zamonaviy tibbiyotning eng yomon xatolaridan biri deb atagan[3].

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining 2018-yilgi hisobotida taʼkidlanishicha, opioid inqirozi faqatgina Qoʻshma Shtatlar bilan chegaralanib qolmay, balki global muammoga aylanib bormoqda. Dunyo boʻylab giyohvand moddalar bilan bogʻliq oʻlimlarning toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻi opiatlar tufayli sodir boʻlmoqda. Arzon va foydalanishga qulay boʻlgan opioidlar, opioid inqiroziga uchramagan hududlarda ham isteʼmol qilishning keskin oʻsishiga olib kelgan[4].

Qoʻshma Shtatlardagi opioid epidemiyasining sabablari[tahrir | manbasini tahrirlash]

1970-yillarda AQSh bozoriga opioid analgetiklari Vicodin va Percocet kiritilgan. Oʻsha paytda shifokorlar bemorlarda giyohvandlik kasalligi xavfi yuqori boʻlishidan qoʻrqib, tibbiy amaliyotda opioidlardan foydalanishga oʻtishgan. 1990-yillarda bir guruh shifokorlar opioidlar xavfsiz va bemorlardagi kerakli ogʻriqni yoʻqotishlarini aytishgan. Ularning taʼkidlashicha, opioidlar tibbiy amaliyotda qoʻllanilganda, giyohvandlik xavfi juda pasaygan. Shifokorlar ogʻriqni qoldirish uchun opioidlardan foydalanishni kengaytirish kampaniyasini boshlagan. Farmatsevtika kompaniyalari, oʻz navbatida, dorivor opioidlarning yangi turlarini ishlab chiqarganlar. Shuningdek, farmatsevtika kompaniyalari oʻzlarining dori-darmonlarini xavfsiz va giyohvandlikka olib kelmaydi deb faol ravishda reklama qilgan[5].

Targʻibot kampaniyasi natijasida opioidlarni retseptlash standartlari va amaliyoti oʻzgargan. 1991-yildan 2011-yilgacha opioid retseptlari soni uch baravar koʻpaygan (yiliga 76 milliondan 219 milliongacha)[6].

Vaqt oʻtishi bilan, opioidlarga qaramlik xavfi pastligi haqidagi daʼvolar asossiz va notoʻgʻri ekanligi maʼlum boʻldi. Dorivor opioidlardan foydalanish osonroq boʻlganligi sababli, koʻplab odamlar ularni isteʼmol qilishni va ularni dam olish maqsadida ishlatishni boshladilar. Koʻchada geroin isteʼmol qilish darajasi oshdi. Narxning arzonligi tufayli dorivor opioidlarga qaram boʻlib qolgan odamlar geroinga oʻtishganlar[5].

COVID-19 pandemiyasi davrida davolash va oqibatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

2017-2018-yillarda opioid bilan bogʻliq oʻlimlar biroz pasaygan. Ammo 2019-yilda Qoʻshma Shtatlarda haddan tashqari yuqori dozadan oʻlim holatlari yana koʻpaygan. Bunga asosan fentanildan tibbiy boʻlmagan yoʻlarda foydalanish oqibatida yuz bergan[7][8]. Qoʻshma Shtatlar va mahalliy darajadagi Amerika ommaviy axborot vositalari yuqori dozadan oʻlim holatlari koʻpayganini xabar qilmoqda. Ammo bu hisobotlarni tasdiqlash uchun yuqori dozadan oʻlim holatlari haqidagi hisobot tizimi mavjud emas. Dozani oshirib yuborish holatlarining koʻpayishi va COVID-19 pandemiyasi oʻrtasidagi bogʻliqlik haqidagi topilmalar koʻproq tadqiqotlarni talab qiladi.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Sackler oilasi

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Борис Макаров. „Опиоидный кризис в США становится опаснее ВИЧ“. ТАСС (2017-yil 10-oktyabr). 2018-yil 19-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 19-noyabr.
  2. „Understanding the Epidemic | Drug Overdose | CDC Injury Center“ (en). www.cdc.gov (2018-yil 31-avgust). 2020-yil 23-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 21-noyabr.
  3. McGreal, Chris. „The making of an opioid epidemic“ (en). The Guardian (2018-yil 8-noyabr). 2018-yil 21-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 21-noyabr.
  4. Перассо, Валерия. „ООН: мир охватывает опиоидная эпидемия“ (en). BBC News Русская служба (2018-yil 26-iyun). 2018-yil 22-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 22-noyabr.
  5. 5,0 5,1 Moghe, Sonia. „Opioid history: From 'wonder drug' to abuse epidemic“ (en). CNN (2016-yil 14-oktyabr). 2019-yil 4-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 4-yanvar.
  6. „Facing Addiction in America“ 413. U.S. Surgeon General (2016). 2017-yil 19-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 4-yanvar.
  7. O'Donnell; Gladden, RA; Mattson, Cl (2020). "Vital signs: characteristics of drug overdose deaths involving opioids and stimulants: 24 states and the District of Columbia, January-June 2019". MMWR. Morbidity and Mortality Weekly Report 69 (35): 1189–1197. doi:10.15585/mmwr.mm6935a1. PMID 32881854. PMC 7470457. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=7470457. 
  8. „COVID-19 may be worsening opioid crisis, but states can take action“. American Medical Association (2020-yil 28-may). 2020-yil 11-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 4-oktyabr.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]